Kontent qismiga oʻtish

Girih

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Girih (fors. — muammo, tugun, chigal) — murakkab handasiy naqsh; meʼmorlik va badiiy hunarmandlikda keng ishlatiladi. Naqsh asosi uchburchak, toʻrtburchak, murabba, aylana va yoy shaklli taqsimlardan tashkil topadi. Handasiy jihatdan girihni tahlil etish, chizib chiqish, yangi turlarini ijod etish maxsus tayyorgarlik va mahoratni talab qiladi. Girihlar yaratilish davrida sodda boʻlib, keyinchalik takomillashib, murakkablashib borgan. girih qancha murakkab mujassamotga ega boʻlmasin, uning qulay tomoni ham bor: har qanday girih takrorlanuvchi maʼlum boʻlak (taqsim)larga ajraladi. Taqsimlar takrorlangan sari goʻzal, jozibador boʻlib boradi. Shu tufayli baʼzi sodda girihlardan tashkil topgan murakkab girihni qayta parchalab, bir necha sodda va mustaqil girih yasash, ikki girihni bir-biriga chatishtirib uchinchi xil girih yaratish mumkin. Shakllariga qarab girihlar turlicha nomlanadi: taqsim asosida 5 va 10 qirrali yulduz boʻlsa "5 va 10 qirrali girih", pargar yordamida chizilgan egri chiziqlardan yasalsa "Pargari girih" va hokazo.

Saqlanib qolgan meʼmoriy obidalar, roʻzgʻor buyumlari (barkash, obdasta, lagan, sopol idishlar, gilam, palak va b.), zardoʻzlik, kitob bezaklarida girih naqshi koʻp uchraydi. Ayniqsa meʼmoriy bezaklar orasida girih yetakchi (islimiy naqsh ikkinchi) oʻrinni egallaydi. Meʼmoriy yodgorliklardagi girihlarni yasash kalitini topish koʻpincha ancha mashaqqatli mehnatni talab etadi. Naqqosh, girihshunos usta Z.Bositxonov koʻpgina (300 dan ortiq) girihlarni tiklagan va ularni qurish yoʻllarini topgan, yangilarini yaratgan.

Girihning qachon, qayerda vujudga kelganligi nomaʼlum. Hoz. Oʻzbekistan hududidagi meʼmoriy obidalardan xususan 10-asrda Arabota maqbarasi (Samarqand viloyati), Mirsaid Bahrom (Karmana), Raboti Malik karvonsaroyi (Navoiy), Juma masjidi (Xiva), 12-asrda Afrosiyob (Samarqand), Termiz shoxlar saroyi, Masjidi kalon (minorasi, 12-asr, Buxoro), 15—16-asrlarda Xoʻja Ahmad Yassaviy majmuasi (Turkiston), Registon maydonidagi Ulugʻbek, Sherdor, Tillakori madrasalari, Bibixonim masjidi, Shohizinda ansamblidagi koʻpgina binolar (Samarqand), Koʻkaldosh, Barokxon madrasalari, Zangiota maqbarasi (Toshkent), Xudoyorxon saroyi hamda masjidlari (Qoʻqon) bezaklarida girih naqshi koʻplab uchraydi.

10—11-asrlarda faqat ganchda, 12-asrda sopol buyumlar va gʻisht qalamalarida, 14-asrdan koshin, parchin, yogʻoch, tosh va rangli naqshlarda uchraydi. 15-asrga kelib sopolga oʻyilgan naqshlar yuzalariga sir berish rasm boʻldi. Girihni ishlatish imkoniyatlari yana kengaydi.

20-asrda oʻzbekistonlik Us t a Shirin Murodov, Shamsiddin Gʻafurov, Maxmud Usmonov va b. ustalar binolarni bezashda qoʻllagan girihlar oʻzining sodda va goʻzalligi, ajoyib va mukammalligi bilan ajralib turadi. Girihning bunday namunalarini Toshkentdagi Navoiy, Muqimiy teatr binolari, Oʻzbekistan xalqlari tarixi muzeyi, Xalqlar Doʻstligi saroyi, metro bekatlari va b. da koʻrish mumkin. Ayniqsa, Oʻzbekistan mustaqilligidan keyin barpo qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Buxoriy majmuasi, Oliy majlis binosi kabi yirik meʼmoriy inshootlar, jamoat (choyxona, mahalla guzarlari va b.) va xususiy binolar bezagida girih naqshning asosiy turlaridan biriga aylandi.

Poʻlat Zohidov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil